Soliq kodeksi 207-modda. Daromadlarga (foydaga) soliq solishning samarali stavkasi

Chet el kompaniyasi mansub boʻlgan davlat (hudud) qonunchiligiga muvofiq chet el kompaniyasi va uning alohida boʻlinmalari tomonidan hisoblab chiqarilgan daromad (foyda) soligʻi hamda bunday daromadlarning toʻlov manbaida ushbu kompaniya daromadlaridan (foydasidan) ushlab qolingan daromad (foyda) soligʻi summasining chet el kompaniyasining uning alohida boʻlinmalari bilan birgalikdagi daromadining (foydasining) umumiy summasiga nisbati chet el kompaniyasining daromadlariga (foydasiga) soliq solishning samarali stavkasi hisoblanadi. Daromad (foyda) soligʻi summasini hisob-kitob qilish chogʻida soliq toʻlovchi chet el kompaniyasining uning alohida boʻlinmalari bilan birgalikdagi daromadining (foydasining) umumiy summasini hisob-kitob qilish chogʻida inobatga olingan daromadlar (foyda) jumlasiga kiruvchi va chet el tashkilotining chet el kompaniyasi mansub boʻlgan davlat (hudud) qonunchiligiga muvofiq hisoblab chiqarilishi va (yoki) chet el kompaniyasining uning alohida boʻlinmalari bilan birgalikdagi daromadining (foydasining) umumiy summasi hisoblab chiqarilgan davrdan farq qiluvchi boshqa davrlarda ushlab qolinishi lozim boʻlgan soliqlar summasiga tuzatish kiritishga haqli. Agar soliq davri yakunlari boʻyicha chet el kompaniyasida daromadlar mavjud boʻlmasa yoki daromadining (foydasining) umumiy summasi manfiy yoxud nolga teng boʻlsa, samarali soliq stavkasini hisob-kitob qilish amalga oshirilmaydi, nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi esa ushbu Kodeksning 204-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan shartlarni qanoatlantiruvchi deb eʼtirof etiladi.