Soliq kodeksi 216-modda. Javobgarlikni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlar

Soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar deb quyidagilar eʼtirof etiladi: 1) shaxsiy yoki oilaviy sharoitlar ogʻir kechishi oqibatida soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etish; 2) tahdid yoki majburlash taʼsirida yoxud moddiy, xizmat yoki boshqa jihatdan qaramlik sababli soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etish; 3) sud yoki ishni koʻrayotgan soliq organi tomonidan javobgarlikni yengillashtiruvchi deb topilishi mumkin boʻlgan boshqa holatlar. Soliqqa oid huquqbuzarlikning ilgari xuddi shunday huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxs tomonidan sodir etilganligi javobgarlikni ogʻirlashtiruvchi holat deb eʼtirof etiladi. Agar soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun oʻziga nisbatan javobgarlik choralari qoʻllanilgan shaxs bu choralar qoʻllanilgan kundan eʼtiboran bir yil ichida bunday huquqbuzarlikni qayta sodir etmagan boʻlsa, u javobgarlikka tortilmagan deb hisoblanadi. Soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki ogʻirlashtiruvchi holatlar sud yoki ishni koʻrayotgan soliq organi tomonidan belgilanadi va moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilganda inobatga olinadi.