Soliq toʻlovchi tomonidan olingan foyda foyda soligʻi (bundan buyon ushbu boʻlimda soliq deb yuritiladi) boʻyicha soliq solish obyekti hisoblanadi. Ushbu boʻlim maqsadida quyidagilar foyda deb eʼtirof etiladi: 1) yuridik shaxs uchun — ushbu boʻlimda nazarda tutilgan jami daromad va xarajatlar oʻrtasidagi farq; 2) faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi norezident uchun — ushbu Kodeksning 49-bobida belgilangan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda, ushbu boʻlimda nazarda tutilgan doimiy muassasaning faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan jami daromad (shu jumladan bunday doimiy muassasaning faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlar) va xarajatlar oʻrtasidagi farq; 3) norezident uchun — ushbu Kodeksning 50-bobida belgilangan xususiyatlar inobatga olingan holda, Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlar; 4) yakka tartibdagi tadbirkor uchun — ushbu Kodeksning 51-bobida belgilangan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda, ushbu boʻlimda nazarda tutilgan jami daromad va xarajatlar oʻrtasidagi farq; 5) zimmasiga oddiy shirkat ishlarini yuritish yuklatilgan shaxs uchun — birgalikda ishlab chiqarilgan tovarni (koʻrsatilgan xizmatni) realizatsiya qilishdan olingan daromad va birgalikda ishlab chiqarilib realizatsiya qilingan tovarga (xizmatga) toʻgʻri keladigan birgalikdagi faoliyatga kiritilgan mablagʻlar summasi oʻrtasidagi farq.