Soliq kodeksi 332-modda. Daromadlar va xarajatlarga tuzatish kiritish

Hisobot soliq davridagi daromad (xarajatlar) miqdorining soliq bazasini aniqlashda ilgari daromad (xarajat) deb eʼtirof etilgan summa doirasida koʻpayishi yoki kamayishi tuzatish kiritish deb eʼtirof etiladi. Daromadlar va xarajatlarga quyidagi hollarda tuzatish kiritilishi lozim: 1) tovarlar, shuningdek sugʻurtalanuvchiga sugʻurta mukofoti toʻliq yoki qisman qaytarilganda; 2) bitim shartlari oʻzgartirilganda; 3) narxlar oʻzgartirilganda, sotib oluvchi tomonidan chegirmadan foydalanilganda; 4) koʻrsatilgan xizmatlardan voz kechilganda. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan daromadlar va xarajatlarga tuzatish kiritish quyidagicha amalga oshiriladi: kafolat muddati belgilangan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha — kafolat muddati doirasida; sugʻurta mukofotlari boʻyicha — shartnomani bekor qilish paytida; boshqa hollarda — bir yillik muddat doirasida. Ushbu moddaga muvofiq daromadlar va xarajatlarga tuzatish kiritish mazkur moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan hollar yuzaga kelganligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Bunda tovarni (xizmatni) sotuvchi ushbu Kodeksning 257-moddasida nazarda tutilgan tartibda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadga tuzatish kiritadi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda daromadlar va xarajatlarga tuzatish kiritish mazkur hollar sodir boʻlgan soliq davrida amalga oshiriladi. Daromadlar va xarajatlarga tuzatish kiritish soliq toʻlovchi soliq solishning umumbelgilangan tartibiga oʻtgan taqdirda ham amalga oshiriladi, bundan tuzatish kiritilayotgan daromadlar boʻyicha soliq imtiyozlarini qoʻllash hollari mustasno.