Soliq kodeksi 336-modda. Operatsiyalarning ayrim turlari boʻyicha zararlarni oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari

Yuridik shaxsning mol-mulk majmui sifatidagi korxonani ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etish ulushini realizatsiya qilishdan yoki uning boshqacha tarzda chiqib ketishidan koʻrilgan zarar realizatsiya qilingan (chiqib ketgan) aktivlarga aynan oʻxshash aktivlarni realizatsiya qilishdan (ularning chiqib ketishidan) olingan daromadlar hisobidan kompensatsiya qilinadi. Ishonchli boshqaruv shartnomasi boʻyicha koʻrilgan zararlar ishonchli boshqaruv muassisining soliq bazasini belgilashda hisobga olinmaydi. Bunday zararlar ushbu ishonchli boshqaruvning kelgusidagi daromadlariga oʻtkaziladi. Oddiy shirkat shartnomasida (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomada) ishtirok etishdan sheriklarning (ishtirokchilarning) olgan zarari ishonchli shaxsda ushbu oddiy shirkat oladigan kelgusi daromadlarga oʻtkaziladi. Xizmat koʻrsatuvchi xoʻjaliklardan koʻrilgan zararlar birgalikda aniqlanadi va tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan soliq bazasini aniqlashda hisobga olinmaydi. Bunday zararlar shu xizmat koʻrsatuvchi xoʻjaliklardan olinadigan kelgusi daromadlarga oʻtkaziladi. Muomalada boʻlmagan qimmatli qogʻozlar va muddatli bitimlarning muomalada boʻlmagan moliyaviy vositalariga doir operatsiyalar boʻyicha zararlar alohida aniqlanadi va xuddi shunday operatsiyalardan olingan daromadlar hisobidan har bir soliq bazasi doirasida kompensatsiya qilinadi.