Soliq kodeksi 34-modda. Chet el yuridik shaxsi haqiqatda boshqariladigan joy

Quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda bittasiga rioya qilingan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi chet el yuridik shaxsi haqiqatda boshqariladigan joy deb eʼtirof etiladi: 1) uning ijro etuvchi organi (ijro etuvchi organlari) oʻz faoliyatini ushbu yuridik shaxsga nisbatan muntazam ravishda Oʻzbekiston Respublikasidan turib amalga oshiradi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyatning boshqa davlatdagiga (davlatlardagiga) nisbatan sezilarli darajada kam hajmda amalga oshirilishi faoliyatni muntazam ravishda amalga oshirish deb eʼtirof etilmaydi; 2) uning asosiy (rahbar) mansabdor shaxslari (faoliyatni rejalashtirish va nazorat qilishga, korxona faoliyatini boshqarishga va buning uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olishga vakolatli boʻlgan shaxslari) ushbu yuridik shaxsni rahbarlik asosida boshqarishni asosan Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshiradi. Bunda rahbarlik asosida boshqarish jumlasiga, xususan, ushbu chet el yuridik shaxsining joriy faoliyatiga doir boʻlgan, boshqaruvning ijro organlari vakolatlariga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish va boshqa harakatlarni amalga oshirish kiradi. Oʻzbekiston Respublikasida quyidagi faoliyatni amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasining chet el yuridik shaxsini haqiqatda boshqarish joyi sifatida eʼtirof etishga sabab boʻlmaydi: 1) aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishining vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar tayyorlash va (yoki) qabul qilish; 2) direktorlar kengashining majlisini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish; 3) chet el yuridik shaxsining faoliyatini rejalashtirish va nazorat qilish doirasida alohida funksiyalarni amalga oshirish. Alohida funksiyalarni amalga oshirishga, xususan, strategik rejalashtirish, budjetlashtirish, konsolidatsiyalashgan moliyaviy hamda boshqaruv hisobotini tayyorlash va tuzish, ushbu chet el yuridik shaxsining faoliyatini tahlil qilish, ichki audit hamda ichki nazorat, shuningdek standartlar, uslubiyatlar va (yoki) siyosatlarni qabul qilish (maʼqullash)