Agar ushbu moddada boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, soliqni toʻlash hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha, tegishli hisobot (soliq) davri uchun soliq hisobotini taqdim etish muddatlaridan kechiktirmay amalga oshiriladi. Jami daromadi joriy soliq davridan oldingi soliq davri uchun kiritilgan tuzatishlar hisobga olingan holda yigirma milliard soʻmdan oshadigan soliq toʻlovchilar ushbu moddaning uchinchi — oltinchi qismlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan har oylik boʻnak toʻlovlarini hisobot davri har bir oyining yigirma uchinchi kunidan kechiktirmay toʻlaydi. Joriy soliq davrining birinchi choragida toʻlanishi lozim boʻlgan har oylik boʻnak toʻlovining summasi oʻtgan soliq davrining oxirgi choragida toʻlanishi lozim boʻlgan har oylik boʻnak toʻlovi summasiga teng etib qabul qilinadi. Joriy soliq davrining ikkinchi choragida toʻlanishi lozim boʻlgan har oylik boʻnak toʻlovining summasi joriy yilning birinchi hisobot davri uchun soliq hisoboti boʻyicha hisoblab chiqarilgan foyda soligʻi summasining uchdan biriga teng etib qabul qilinadi. Joriy soliq davrining uchinchi choragida toʻlanishi lozim boʻlgan har oylik boʻnak toʻlovining summasi yarim yillik yakunlariga koʻra soliq hisoboti boʻyicha hisoblab chiqarilgan foyda soligʻining summasi va birinchi chorak yakunlari boʻyicha hisoblab chiqarilgan foyda soligʻining summasi oʻrtasidagi farqning uchdan biriga teng etib qabul qilinadi. Joriy soliq davrining toʻrtinchi choragida toʻlanishi lozim boʻlgan har oylik boʻnak toʻlovining summasi toʻqqiz oylik yakunlariga koʻra soliq hisoboti boʻyicha hisoblab chiqarilgan foyda soligʻining summasi va yarim yillik yakunlari boʻyicha hisoblab chiqarilgan foyda soligʻining summasi oʻrtasidagi farqning uchdan biriga teng etib qabul qilinadi. Agar ushbu moddaning uchinchi — oltinchi qismlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan har oylik boʻnak toʻlovining summasi manfiy yoki nolga teng boʻlsa, koʻrsatilgan toʻlovlar tegishli chorakda amalga oshirilmaydi. Soliq toʻlovchilar, shu jumla