Chet davlatning qonunchiligiga va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga muvofiq haqiqatda toʻlangan (ushlab qolingan) foyda soligʻining summasi yoki ushbu chet davlatda olingan daromadlardan olinadigan aynan oʻxshash turdagi soliq Oʻzbekiston Respublikasida foyda soligʻini toʻlash hisobidan soliq toʻlovchida ushbu moddada belgilangan tartibda va miqdorlarda hisobga olinishi lozim. Foyda soligʻi summasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlardan olinadigan aynan oʻxshash turdagi soliqni hisobga olish bir vaqtning oʻzida quyidagi shartlarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi: 1) Oʻzbekiston Respublikasida soliq solinishi lozim boʻlgan daromad boʻyicha; 2) Oʻzbekiston Respublikasi bilan xalqaro shartnoma mavjud boʻlganda; 3) bunday soliq toʻlanganligini (ushlab qolinganligini) tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlganda. Foyda soligʻining yoki Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida toʻlangan (ushlab qolingan), aynan oʻxshash turdagi soliq hisobga olinadigan summasining miqdori soliq toʻlovchi koʻrsatilgan daromad olinishi lozim boʻlgan (olingan) soliq davri uchun toʻlashi lozim boʻlgan foyda soligʻi summasidan oshib ketishi mumkin emas. Chet davlat vakolatli organining maʼlumotnomasi yoki soliq Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida toʻlanganligi faktini tasdiqlovchi boshqa hujjat Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida foyda soligʻi yoki aynan oʻxshash turdagi soliq toʻlanganligini (ushlab qolinganligini) tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. Agar ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar chet tilida tuzilgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilidagi tarjimasi mavjud boʻlishi shart.
48-bob. Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlariga toʻlanadigan dividendlar va foizlar tarzidagi daromadlarga soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari