Doimiy muassasalar orqali faoliyat yuritadigan norezidentlar soliq hisobotini soliq hisobiga qoʻyilgan joydagi soliq organiga ushbu Kodeks 339-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda taqdim etadi. Doimiy muassasa orqali faoliyat yuritadigan norezidentlar soliq davrining yakunlariga koʻra soliq hisobotini taqdim etish uchun nazarda tutilgan muddatlarda, soliq hisobiga qoʻyilgan joydagi soliq organiga Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni ham (ixtiyoriy shaklda) taqdim etadi. Doimiy muassasaning faoliyati soliq davri tugaguniga qadar tugatilgan taqdirda, soliq boʻyicha soliq hisoboti va Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot faoliyat tugatilganidan keyin bir oydan kechiktirmay taqdim etilishi kerak. Soliqni toʻlash ushbu Kodeksning 340-moddasida nazarda tutilgan tartibda umumiy asoslarda amalga oshiriladi. Norezident Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy muassasa orqali faoliyatini tugatganda soliq bunday faoliyat tugaguniga qadar toʻlanadi.