Soliq kodeksi 36-modda. Doimiy muassasa

Ushbu Kodeksning maqsadlarida chet el yuridik shaxsi Oʻzbekiston Respublikasidagi tadbirkorlik faoliyatini toʻliq yoki qisman qaysi doimiy faoliyat joyida amalga oshirayotgan boʻlsa, oʻsha joy chet el yuridik shaxsining Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi deb eʼtirof etiladi. Doimiy muassasa deganda quyidagilar tushuniladi, chunonchi: 1) har qanday boshqaruv joyi, filial, boʻlinma, byuro, idora, ofis, xona, agentlik, fabrika, ustaxona, sex, laboratoriya; 2) tovarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, butlash, qadoqlash va oʻrab-joylash amalga oshiriladigan joy; 3) savdo shoxobchasi sifatida foydalaniladigan har qanday joy, shu jumladan ombor; 4) kon (shaxta), neft yoki gaz qudugʻi, karyer yoki tabiiy resurslar qazib olinadigan boshqa har qanday joy; 5) tabiiy resurslarni oʻrganish (qidirish), ishlatish, qazib olish va (yoki) ulardan foydalanish uchun qoʻllaniladigan qurilma yoki inshoot (shu jumladan uni montaj qilish), faqat qurilma yoki inshoot bir yuz sakson uch kundan ortiq muddat mobaynida foydalanilayotgan boʻlishi yoki foydalanish uchun tayyor boʻlishi shart; 6) quvur, gaz quvuri bilan bogʻliq faoliyat (shu jumladan nazorat yoki kuzatuv) amalga oshiriladigan har qanday joy; 7) oʻyin avtomatlarini (shu jumladan ularga qoʻshimchalarni), kompyuter tarmoqlari va aloqa kanallarini, attraksionlarni oʻrnatish, sozlash hamda ulardan foydalanish bilan bogʻliq faoliyat amalga oshiriladigan har qanday joy. Quyidagilar ham doimiy muassasa deb eʼtirof etiladi: 1) qurilish maydoni, qurilish, montaj qilish yoki yigʻish obyekti yoxud ular bilan bogʻliq kuzatuv (nazorat qilish) faoliyati, basharti bunday maydon, obyekt yoki faoliyat istalgan ketma-ketlikdagi oʻn ikki oylik davr mobaynida bir yuz sakson uch kundan ortiq muddat mobaynida mavjud boʻlsa yoki davom etsa; 2) xizmatlar koʻrsatish, shu jumladan ushbu chet el yuridik shaxsi tomonidan oʻz xizmatchilari yoki shu maqsadlar uchun uning tomonidan yollangan boshqa xodimlar orqali bajariladigan maslahat xizmatlari, b