Soliq kodeksi 386-modda. Soliq agentlarining majburiyati va javobgarligi

Soliqni toʻlov manbaida hisoblab chiqarish, ushlab qolish va budjetga oʻtkazish majburiyati soliq toʻlovchiga daromad toʻlaydigan va soliq agentlari deb eʼtirof etilgan quyidagi shaxslarning zimmasiga yuklatiladi: 1) Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslariga; 2) yakka tartibdagi tadbirkorlarga; 3) Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshiradigan Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti boʻlgan yuridik shaxslarga; 4) Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti boʻlgan yuridik shaxslarning vakolatxonalariga; 5) ushbu Kodeks 351-moddasi ikkinchi qismining 5-bandida koʻrsatilgan mol-mulkni sotib olgan jismoniy shaxslarga; 6) soliq toʻlovchining mol-mulkini ishonchli boshqarishni amalga oshiruvchi ishonchli boshqaruvchiga. Ushbu modda birinchi qismining 5-bandida koʻrsatilgan shaxslar mazkur Kodeksning 356-moddasida nazarda tutilgan tartibda soliqni hisoblab chiqarish, ushlab qolish va budjetga oʻtkazishni amalga oshiradi. Soliq summasi ushlab qolinmagan taqdirda, soliq agenti ushlab qolinmagan summani va u bilan bogʻliq penyani ushbu Kodeksga muvofiq budjetga oʻtkazishi shart. Soliq agentlari jismoniy shaxsning talabiga binoan unga daromadlarining summalari va turlari haqida, shuningdek jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining ushlab qolingan summasi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan shaklda maʼlumotnoma berishi shart.