Soliq kodeksi 398-modda. Jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya boʻyicha soliq toʻlash tartibi

Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan jismoniy shaxslar jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning maʼlumotlariga koʻra hisoblab chiqarilgan soliqni oʻtgan soliq davridan keyingi yilning 1-iyunidan kechiktirmay toʻlaydi. Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan jismoniy shaxslar hisoblab chiqarilgan soliqni chet davlatda joylashgan bank hisobvaragʻidan chet el valyutasida toʻlashi mumkin. Bunda milliy valyutada ifodalangan soliq Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki tomonidan belgilangan soliq toʻlangan sanadagi kurs boʻyicha chet el valyutasida qayta hisoblab chiqariladi. Mol-mulkni ijaraga berishdan daromad oladigan jismoniy shaxslar, shuningdek ushbu Kodeks 385-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya asosida soliq toʻlovchi jismoniy shaxslar soliqni taqdim etilgan dastlabki deklaratsiya yoki soliq organining xabarnomasi asosida, daromad olingan oydan keyingi oyning oʻn beshinchi kunigacha har oyda toʻlaydi. Yil tugagach, soliqning yillik summasi haqiqatda olingan daromad boʻyicha hisoblab chiqariladi. Bu summa bilan yil mobaynida toʻlangan summalar oʻrtasidagi farq kelgusi yilning 1-iyunidan kechiktirmay soliq toʻlovchidan undirilishi yoki unga qaytarilishi lozim. Quyidagilar soliq toʻlangan sana deb hisoblanadi: soliq soliq agentlari yoki jismoniy shaxslar tomonidan bankdagi hisobvaragʻidan toʻlangan taqdirda — bankdagi hisobvaragʻidan mablagʻlar hisobdan chiqarilgan kun; jismoniy shaxslar tomonidan naqd pul mablagʻlari kiritilgan taqdirda — bank kassasiga mablagʻlar toʻlangan sana. Soliq organlari tomonidan hisoblab chiqariladigan soliqni toʻlash toʻlov xabarnomasida koʻrsatilgan muddatlarda amalga oshirilishi kerak.