Soliq kodeksi 410-modda. Soliq toʻlovchilar

Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning soliq toʻlovchilari (bundan buyon ushbu bobda soliq toʻlovchilar deb yuritiladi) deb quyidagilar eʼtirof etiladi: 1) Oʻzbekiston Respublikasi hududida ushbu Kodeksning 411-moddasiga muvofiq soliq solish obyekti hisoblanuvchi mol-mulkka ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari; 2) Oʻzbekiston Respublikasi hududida koʻchmas mulkka ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar. Agar koʻchmas mulk mulkdorining joylashgan yerini aniqlashning imkoni boʻlmasa, ushbu mulkka egalik qiluvchi va (yoki) undan foydalanuvchi shaxs soliq toʻlovchi hisoblanadi. Agar yuridik shaxs koʻchmas mulkni moliyaviy ijaraga (lizing) olgan boʻlsa, u ham soliq toʻlovchi deb eʼtirof etiladi, bundan ushbu Kodeksning 480⁶-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.