Mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqlari asosida yuridik shaxslarda boʻlgan yer uchastkalari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻining (bundan buyon ushbu bobda soliq deb yuritiladi) soliq solish obyektidir. Quyidagi yer uchastkalari soliq solish obyekti sifatida hisoblanmaydi: 1) notijorat tashkilotlari tomonidan notijorat faoliyati doirasida foydalaniladigan yerlar; 2) aholi punktlarining, bogʻdorchilik, uzumchilik yoki polizchilik shirkatlarining umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, koʻchalar, tor koʻchalar, yoʻllar, shoxobcha yoʻllar, sugʻorish tarmoqlari, kollektorlar, sohil boʻyi yerlari va boshqa shu kabi umumiy foydalanishdagi yerlar); 3) umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari, shu jumladan pulli avtomobil yoʻllari egallagan yerlar; 4) aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlar (daraxtzorlar, istirohat bogʻlari, sayilgohlar, xiyobonlar, aholining ommaviy dam olishi va turizmini tashkil etish uchun belgilangan joylar, shuningdek ariq tarmoqlari egallagan yerlar); 5) davlat qoʻriqxonalarining, kompleks (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalarining, tabiat bogʻlarining, davlat tabiat yodgorliklarining, buyurtma qoʻriqxonalarning (bundan ovchilik xoʻjaliklarida tashkil etiladigan buyurtma qoʻriqxonalar mustasno), tabiiy pitomniklarning, davlat biosfera rezervatlarining, milliy bogʻlarning yerlari; 6) sogʻlomlashtirish ahamiyatiga molik yerlar – tegishli muassasalar va tashkilotlarga doimiy foydalanishga berilgan, profilaktika hamda davolash ishlarini tashkil etish uchun qulay tabiiy shifobaxsh omillarga ega boʻlgan yer uchastkalari; 7) rekreatsiya ahamiyatiga molik yerlar – aholining ommaviy dam olishi va turizmini tashkil etish uchun tegishli muassasalar hamda tashkilotlarga berilgan yer uchastkalari; 8) tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar – tegishli muassasalar va tashkilotlarga doimiy foydalanishga berilgan moddiy madaniy meros obyektlari, xotira bogʻlari egallagan yer uchastka