Yer usti va yer osti manbalaridan olib foydalaniladigan suv resurslari suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq (bundan buyon ushbu boʻlimda soliq deb yuritiladi) solish obyektidir. Quyidagilar soliq solish obyekti boʻlmaydi: 1) notijorat tashkilotlar tomonidan notijorat faoliyatni amalga oshirish doirasida foydalaniladigan suv resurslari; 2) sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan davolash maqsadida foydalaniladigan yer osti mineral suvlari, bundan savdo tarmogʻida realizatsiya qilish uchun foydalanilgan suv hajmi mustasno; 3) atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatishining oldini olish maqsadida chiqarib olingan yer osti suvlari, bundan ishlab chiqarish va texnik ehtiyojlar uchun foydalanilgan suv hajmi mustasno; 4) shaxtadan suvlarni qochirish uchun, foydali qazilmalarni qazib olish paytida chiqarib olingan va qatlamdagi bosimni saqlab turish uchun yer qaʼriga qayta quyiladigan yer osti suvlari, bundan ishlab chiqarish va texnik ehtiyojlar uchun foydalanilgan suv hajmi mustasno; 5) gidroelektrostansiyalar gidravlik turbinalarining harakati uchun foydalaniladigan suv resurslari; 6) issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik elektr markazlari tomonidan qayta quyiladigan suv resurslari; 7) qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan shoʻrlangan yerlarni yuvish uchun foydalaniladigan, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli sohasidagi vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan shoʻrlarni yuvish normalari doirasidagi suv resurslari; 8) kollektor va drenaj tarmoqlaridan ishlatiladigan suv resurslari.