Ushbu Kodeksning 463-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan jami daromad soliq bazasi deb eʼtirof etiladi, bundan quyidagilar mustasno: 1) Oʻzbekiston Respublikasining davlat obligatsiyalari va boshqa davlat qimmatli qogʻozlari boʻyicha daromadlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarning xalqaro obligatsiyalari boʻyicha daromadlar; 2) soliq agentida soliq solinishi lozim boʻlgan dividendlar; 3) qaytariladigan koʻp marta aylanadigan tara qiymati, agar uning qiymati ilgari tovarlarni (xizmatlarni) sotishdan olinadigan daromadga kiritilgan boʻlsa; 4) amortizatsiya qilinadigan aktivlarni tugatishda ularni qoʻshimcha baholashda olingan, oldingi narxni tushirishlardagi summadan ortiqcha summa hisobidan olingan daromadlar; 5) hisobot yilida aniqlangan oʻtgan yillardagi daromadlar. Mazkur daromadlarga ular shakllangan davrdagi qonunchilikka muvofiq soliqlar boʻyicha qayta hisob-kitob oʻtkazilganligi inobatga olingan holda soliq solinadi. Soliq solinadigan baza ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan chegirmalardan tashqari quyidagilar uchun kamaytiriladi: 1) brokerlik tashkilotlari uchun — bitim summasidan birjaga oʻtkaziladigan vositachilik yigʻimi summasiga; 2) komissiya shartnomasi boʻyicha vositachilik xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar uchun — tovarlarni import qilishda toʻlangan bojxona toʻlovlari summasiga realizatsiya qilingan tovar ulushida; 3) turizm faoliyati subyektlari uchun — turistik xizmatlarni onlayn bronlashtirish va sotish uchun yaratilgan dasturiy mahsulotlarni hamda axborot tizimlarini joriy etishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar summasiga. 4) tadbirkorlik subyektlari uchun — tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlarining 0,5 foizidan oshmagan miqdorda oʻz xodimlariga va ularning yaqin qarindoshlariga ommaviy-madaniy hamda konsert-tomosha tadbirlariga borishi uchun chiptalar xarid qilishga doir xarajatlar summasiga;