Soliq kodeksi 76-modda. Soliq solish maqsadlarida hisobga olish va hisob hujjatlari

Soliq solish obyektlari va (yoki) soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi axborotni umumlashtirish hamda tizimlashtirish, shuningdek soliqlarni, yigʻimlarni hisoblab chiqarish va soliq hisobotini tuzish maqsadida ushbu Kodeks talablariga muvofiq soliq toʻlovchi yoki soliq agenti tomonidan hisob hujjatlarini yuritish soliq solish maqsadlarida hisobga olish deb eʼtirof etiladi. Hisob hujjatlari soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni aniqlash, shuningdek soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish uchun asos boʻlgan boshlangʻich hujjatlar, buxgalteriya hisobi registrlari hamda boshqa hujjatlardan iboratdir. Agar ushbu moddaning toʻrtinchi qismida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, soliq solish maqsadlarida hisobga olish buxgalteriya hisobi maʼlumotlariga asoslanadi. Buxgalteriya hisobi va hisob hujjatlarini yuritish tartibi buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan belgilanadi. Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq zimmasiga buxgalteriya hisobini yuritish majburiyati yuklatilmagan shaxslar soliq solish maqsadlarida hisobga olishni ushbu bobga muvofiq tashkil etadi va yuritadi. Soliq solish maqsadlarida hisobga olishga nisbatan soliq organlarining axborot tizimlaridan majburiy foydalanishga doir talablar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan aniqlanadigan tartibda belgilanishi mumkin.