Soliq organi yoki boshqa vakolatli organ soliq tekshiruvini oʻtkazishga, tekshiruv natijalari boʻyicha soliq toʻlovchiga soliq qarzini uzish toʻgʻrisida talabnoma yuborishga yoki soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar miqdorini qayta koʻrib chiqishga haqli boʻlgan muddat soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddati hisoblanadi. Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddati, natijalariga koʻra soliq majburiyati aniqlanadigan soliq davri tugaganidan keyin uch yilni tashkil etadi. Agar soliq majburiyatining yuzaga kelishi muayyan voqea yoki harakat bilan bogʻliq boʻlsa, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddati shu voqea yoki harakat sodir boʻlgan paytdan eʼtiboran uch yilni tashkil etadi. Ushbu Kodeks 84-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda daʼvo qilish muddati soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka koʻra soliq toʻlovchi tomonidan soliq stavkasi, toʻlanadigan soliq miqdori, soliq imtiyozi yoki soliq chegirmasi qoʻllanilishi va (yoki) soliqni toʻlash muddati oʻzgarishi bilan bogʻliq shartlarning amal qilish muddatiga uzaytiriladi. Soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddatining oʻtishi fuqarolik qonunchiligiga muvofiq toʻxtatib turiladi, uziladi va qayta tiklanadi.