Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 11-modda. Ijro ishi yuritishda taraflarning huquq va majburiyatlari

Taraflar ijro harakatlarini amalga oshirishda ijro ishi yuritish materiallari bilan tanishish, ulardan koʻchirmalar, nusxalar olish, qoʻshimcha materiallar taqdim etish, iltimosnomalar berish, ijro harakatlarini amalga oshirishda ishtirok etish, ijro harakatlari jarayonida ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berish, ijro ishi yuritilishi davomida paydo boʻladigan masalalar yuzasidan oʻz vajlari va fikr-mulohazalarini bildirish, ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomalari, vajlari va fikr-mulohazalariga qarshi eʼtiroz bildirish, rad qilish, davlat ijrochisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish huquqiga egadirlar. Qarzdor ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqlardan tashqari ijro ishi boʻyicha kafolat mablagʻlarini kiritish huquqiga ham ega. Taraflar ijro harakatlarini amalga oshirayotganda sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisidagi qonunchilikning talablarini bajarishlari shart.