Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 13-modda. Ijro ishi yuritishda taraflar vakillarining ishtiroki

Jismoniy shaxslar ijro ishi yuritishda mustaqil ravishda yoki vakillari orqali ishtirok etishlari mumkin. Ijro ishi yuritishda jismoniy shaxsning shaxsan ishtirok etishi uni vakilga ega boʻlish huquqidan mahrum etmaydi. Agar ijro hujjati boʻyicha qarzdor zimmasiga faqat uning oʻzi shaxsan ijro etishi mumkin boʻlgan majburiyatlar yuklatilgan boʻlsa, shuningdek ijro hujjatining xususiyati undiruvchining shaxsan ishtirokini talab qilgan hollarda ularni ijro etishda qarzdor yoki undiruvchi oʻz vakili orqali harakat qilishga haqli emas. Yuridik shaxslar ijro ishi yuritishda qonunchilikda yoki taʼsis hujjatlarida oʻzlariga berilgan vakolatlar doirasida harakat qiladigan organlari yoki mansabdor shaxslari orqali yoxud mazkur organlar va mansabdor shaxslarning vakillari orqali ishtirok etadilar. Yuridik shaxsning nomidan ishtirok etuvchi shaxslarda oʻz vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlishi shart.