Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 25-1-modda. Yigʻma ijro ishi yuritish

Bitta qarzdorga nisbatan qoʻzgʻatilgan mulkiy tusga ega boʻlgan bir nechta ijro hujjati, shuningdek solidar javobgar boʻlgan bir nechta qarzdorga nisbatan bir undiruvchi foydasiga undiruv boʻyicha qoʻzgʻatilgan ijro ishi yuritishlar yigʻma ijro ishi yuritishga birlashtiriladi. Majburiy ijro byurosining bir nechta hududiy boshqarmasi boʻlinmalariga kelib tushgan bir qarzdorga yoki solidar javobgar boʻlgan bir nechta qarzdorga nisbatan undiruv boʻyicha ijro hujjatlari yuzasidan yigʻma ijro ishi yuritish Majburiy ijro byurosi direktori yoxud uning oʻrinbosari belgilaydigan boʻlinma tomonidan qoʻzgʻatiladi va yuritiladi. Majburiy ijro byurosi bitta hududiy boshqarmasining bir nechta boʻlinmasiga kelib tushgan bir qarzdorga yoki solidar javobgar boʻlgan bir nechta qarzdorga nisbatan undiruv boʻyicha ijro hujjatlari yuzasidan yigʻma ijro ishi yuritish Majburiy ijro byurosi hududiy boshqarmasi boshligʻi yoxud uning oʻrinbosari belgilaydigan hududiy boʻlinma tomonidan qoʻzgʻatiladi va yuritiladi. Yigʻma ijro ishi yuritish qoʻzgʻatilganidan keyin kelib tushgan va yigʻma ijro ishi yuritilayotgan qarzdorga nisbatan mulkiy tusdagi talablar koʻrsatilgan ijro hujjatlari yigʻma ijro ishini yuritayotgan davlat ijrochisiga topshiriladi. Bu haqda undiruvchi, qarzdor, sud yoki ijro hujjatini bergan boshqa organ xabardor qilinadi.