Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 32-modda. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijrosini kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib ijro etish, ularni ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish

Ijro harakatlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan obyektiv holatlar boʻlgan taqdirda, davlat ijrochisi oʻz tashabbusi bilan yoxud taraflardan birining arizasiga koʻra, shuningdek taraflarning har biri mustaqil tarzda ijroni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib ijro etish hamda ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza bilan ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organga murojaat qilishga haqlidir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, shuningdek ularning hududiy boʻlinmalari davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha ijroni qarzdor tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini koʻzlab kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib ijro etish toʻgʻrisidagi ariza bilan ijro hujjatini bergan sudga yoki boshqa organga murojaat qilishga haqli. Ijro hujjatini ijro etish kechiktirilgan taqdirda, ijro etishni kechiktirgan sud yoki boshqa organ tomonidan belgilangan muddat ichida ijro harakatlari amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Qarzdorning hisobvaraqlariga qoʻyilgan xatlov kechiktirish toʻgʻrisidagi qarorda nazarda tutilgan taqdirda kechiktirish muddatiga olib tashlanadi. Ijro hujjati boʻlib-boʻlib ijro etilgan taqdirda, ijro hujjati uni boʻlib-boʻlib ijro etish toʻgʻrisidagi qarorda belgilangan qism va muddatlar boʻyicha ijro etiladi.