Davlat ijrochisi ijro harakatlari amalga oshirilishini undiruvchining arizasiga koʻra keyinga qoldirishga haqli. Arizada ijro harakatlarini keyinga qoldirishning soʻralayotgan muddati koʻrsatilishi kerak. Ijro harakatlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi holatlar mavjud boʻlganda davlat ijrochisi ijro harakatlarini qarzdorning arizasiga koʻra yoki oʻz tashabbusiga koʻra oʻn kundan koʻp boʻlmagan muddatga koʻpi bilan ikki marta kechiktirishi mumkin. Ijro harakatlari keyinga qoldirilgan taqdirda davlat ijrochisi ijro harakatlarini keyinga qoldirish asosini va ijro harakatlari qaysi muddatga qoldirilganligini koʻrsatgan holda qaror chiqaradi. Chiqarilgan qaror haqida ijro ishi yuritishdagi taraflar, ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organ xabardor qilinadi. Davlat ijrochisining ijro harakatlarini keyinga qoldirish toʻgʻrisidagi qarori ustidan shikoyat qilinishi yoki protest bildirilishi mumkin.