Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 34-modda. Ijro ishi yuritishni toʻxtatib turishning majburiyligi

Ijro ishi yuritish quyidagi hollarda sud tomonidan toʻxtatib turilishi shart: 1) agar sud tomonidan aniqlangan huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yoʻl qoʻysa, qarzdor vafot etganda, u vafot etgan deb eʼlon qilinganda yoki bedarak yoʻqolgan deb topilganda; 3) agar qonunchilikda nizolashishga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, qarzdor ijro hujjati yuzasidan sud tartibida nizolashganda; 4) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatiga ega organlarning qarorlari (mansabdor shaxslarning harakatlari) ustidan sudga shikoyat berilganda; 5) ijro hujjati boʻyicha undiruv qaratilgan mol-mulkni roʻyxatdan chiqarish (xatlashdan ozod qilish) toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasi berilganda; 6) ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan boshqa asoslar vujudga kelganda. Ijro ishi yuritish quyidagi hollarda davlat ijrochisi tomonidan toʻxtatib turilishi shart: 1) qarzdor muddatli harbiy xizmatda boʻlganda yoki muddatli harbiy xizmatda boʻlgan undiruvchi iltimos qilganda; 2) qarzdorning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ish boʻyicha iqtisodiy sud tomonidan ish yuritish qoʻzgʻatilganda, shu jumladan kuzatuvni joriy etish, sud sanatsiyasini yoki tashqi boshqaruvni joriy etish va (yoki) ularning muddatini uzaytirish haqida iqtisodiy sud tomonidan ajrim qabul qilinganda, bundan ijro etilishi “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq toʻxtatib turilishi mumkin boʻlmagan ijro hujjatlari mustasno; 2¹ ) qarzdor muomalaga layoqatsiz deb topilganda; 3) ijro hujjatini berish uchun asos boʻlgan sud hujjatini yoki boshqa organ hujjatini ijro etishni toʻxtatib turish huquqi qonunda berilgan mansabdor shaxs tomonidan qaror chiqarilganda; 4) undiruvchi mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilganda, agar ijro ishi avval mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish munosabati bilan toʻxtatib turilmagan boʻlsa; 5) qarzdor tomonidan ijro ishi boʻyicha kafolat mablagʻlari kiritilganda.