Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 39-modda. Ijro ishi yuritishni tugatish oqibatlari

Davlat ijrochisi sudning ijro ishi yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimi asosida, shuningdek davlat ijrochisining ijro ishi yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi qarorida ijro etish boʻyicha oʻzi tayinlagan barcha majburiy ijro choralarini, shu jumladan mol-mulkni xatlashni, shuningdek qarzdor uchun belgilangan cheklovlarni bekor qiladi. Ayni vaqtda davlat ijrochisi qarzdorning hisobvaraqlariga qoʻyilgan inkasso topshiriqnomalarini chaqirib oladi, shuningdek cheklovlarni ijro etayotgan organlarni ushbu cheklovlar bekor qilinganligi toʻgʻrisida yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi. Ijro ishi yuritish tugatilganidan soʻng davlat ijrochisi qarzdorga davlat ijrochisi tomonidan solingan jarimalarni va ijro xarajatlarini undirish toʻgʻrisida ilgari chiqarilgan hamda ijro etilmagan qarorlar ijrosini davom ettiradi. Ijro ishi yuritish tugatilgan taqdirda, ijro yigʻimi ijro hujjatining faqat majburiy tartibda ijro etilgan qismi boʻyicha undiriladi. Bunda ijro ishi yuritish ushbu Qonun 37-moddasi ikkinchi qismining 4-bandida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha tugatilgan taqdirda ijro yigʻimi davlat ijrochisi tomonidan amalga oshirilgan majburiy ijro etish choralaridan qatʼi nazar, toʻliq hajmda qaytariladi. Ijro ishi yuritish tugatilgan ijro hujjati ijro ishi yuritish materiallarida qoladi va takroran ijroga qaratilishi mumkin emas.