Davlat ijrochisi ijro hujjatini ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibida ijro etishda quyidagi majburiy ijro etish choralarini qoʻllaydi: 1) undiruvni qarzdor jismoniy shaxsning banklardagi hisobvaraqlarida turgan pul mablagʻlariga qaratish; 2) mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan koʻp boʻlmagan miqdordagi summani undirish haqidagi ijro hujjatlari boʻyicha undiruvni qarzdor jismoniy shaxsning ish haqiga, stipendiyasiga, pensiyasiga va boshqa turlardagi daromadlariga qaratish. Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida qayd etilgan majburiy ijro etish chorasi videokonferensaloqa xarajatlarini, kommunal xizmatlar toʻlovi yuzasidan qarzdorlikni, koʻp kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallarini yoki toʻlovlari boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjatlariga nisbatan qoʻllanilmaydi. Ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibida undiruvni qarzdor jismoniy shaxsning banklardagi hisobvaraqlarida turgan pul mablagʻlariga qaratish, qoida tariqasida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qoʻllanilgan holda amalga oshiriladi. Bunda undiruvni qarzdor jismoniy shaxsning banklardagi hisobvaraqlarida turgan pul mablagʻlariga qaratish tartibi Majburiy ijro byurosi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi. Ijro hujjati ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibida majburiy ijro etilganda ushbu moddada nazarda tutilmagan boshqa majburiy ijro etish choralarini, shuningdek qarzdor jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishi uchun vaqtincha cheklov choralarini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi, shuningdek ijro hujjati talablarini bajarmaganligi uchun qarzdor jismoniy shaxsga nisbatan maʼmuriy javobgarlik qoʻllanilishi mumkin emas.