Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 48-3-modda. Undiruvni ayrim yuridik shaxslarning, ular mulkdorlarining, muassislarining va aʼzolarining (ishtirokchilarining) mol-mulkiga qaratish xususiyatlari

Yuridik shaxsning qarzlari boʻyicha, shu jumladan uning mol-mulki ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli boʻlmaganda, undiruv sud hujjati asosida, qonunda belgilangan shartlarda va tartibda ushbu yuridik shaxs mulkdorlarining, muassislarining va aʼzolarining (ishtirokchilarining) pul mablagʻlariga hamda boshqa mol-mulkiga qaratilishi mumkin. Tegishli qarzdor yuridik shaxslarga nisbatan ijro harakatlarini amalga oshirishda undiruvni xususiy korxona mulkdori, muassasa mulkdori, fermer xoʻjaligining rahbari, dehqon xoʻjaligining aʼzolari, ishlab chiqarish kooperativining aʼzolari, toʻliq shirkat ishtirokchilari, shuningdek kommandit shirkatdagi toʻliq sheriklar pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkiga qaratish ijro hujjatini ijro etish tartibi hamda usulini oʻzgartirish orqali amalga oshiriladi. Qarzdorning ijro hujjatidagi talablarni ijro etish uchun yetarli mol-mulki boʻlmaganda, undiruv sud qarori asosida qarzdorning masʼuliyati cheklangan jamiyat, toʻliq shirkat, kommandit shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga, qarzdorning ishlab chiqarish kooperatividagi payiga qaratiladi.