Davlat ijrochisi qarzdorning maʼlum boʻlib qolgan va olib qoʻyilgan chet el valyutasidagi naqd pul mablagʻini u olib qoʻyilgan kunning ertasidan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasining ichki valyuta bozorida chet el valyutasini sotish huquqidan foydalanuvchi bankka sotish uchun topshiradi. Qarzdorning chet el valyutasidagi xatlangan pul mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi ichki valyuta bozorida chet el valyutasini sotish huquqidan foydalanuvchi bankdagi bank hisobvaragʻida, omonatida turgan yoki saqlanayotgan boʻlsa, davlat ijrochisi oʻz qarori bilan bank zimmasiga ijro yigʻimini, davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga solingan jarimalarni ijro xarajatlarini inobatga olgan holda ijro hujjatini ijro etish uchun zarur hajmda chet el valyutasini sotish majburiyatini yuklaydi. Agar bank Oʻzbekiston Respublikasining ichki valyuta bozorida chet el valyutasini sotish huquqidan foydalanmasa, davlat ijrochisi uning zimmasiga chet el valyutasini shunday huquqdan foydalanuvchi bankka oʻtkazish majburiyatini yuklaydi.