Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 51-modda. Undiruvni qarzdorning majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida turgan mol-mulkiga qaratish

Qarzdorning boshqa mol-mulki ushbu mol-mulk bilan taʼminlanmagan, qarzdorga qoʻyilgan barcha talablarni toʻliq qanoatlantirish uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, talablari mazkur mol-mulk bilan taʼminlangan kreditorning belgilangan huquqlariga, shuningdek ushbu Qonunning 6-bobida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etilgan holda undiruv qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan mol-mulkiga qaratilishi mumkin. Qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan mol-mulk xatlab qoʻyilganda davlat ijrochisi xatlash amalga oshirilganidan keyin uch kunlik muddatda bu haqda talablari ushbu mol-mulk bilan taʼminlangan kreditorlarga bildirishnoma yuboradi. Qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan mol-mulkini realizatsiya qilishdan tushgan summa undiruv mazkur mol-mulkka qaratilishi, uni realizatsiya qilish va kreditorlarning ushbu mol-mulk bilan taʼminlangan, undirish uchun bildirilgan talablarini qanoatlantirish munosabati bilan qilingan xarajatlarning oʻrnini qoplash uchun zarur summalar ushlab qolinganidan keyin ushbu Qonunda belgilangan tartibda taqsimlanadi. Agar qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan mol-mulkini realizatsiya qilishdan tushgan summa kreditorlarning ushbu mol-mulk bilan taʼminlangan talablarini toʻliq qanoatlantirish uchun yetarli boʻlmay qolsa, u holda koʻrsatilgan talablarning qolgan qismi ushbu Qonunning 80-moddasida belgilangan navbatga muvofiq qanoatlantiriladi. Agar undiruv qarzdorning mol-mulki bilan taʼminlangan talablarni qanoatlantirish uchun qaratilgan boʻlsa, u holda undiruv qarzdorning boshqa mol-mulki mavjudligidan yoki mavjud emasligidan qatʼi nazar, birinchi navbatda qarzdorning majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida berilgan tegishli mol-mulki predmetiga qaratiladi.