Ijro hujjatlari boʻyicha undiruv qarzdor jismoniy shaxsga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan yoki uning umumiy mulkdagi ulushi boʻlgan yagona uyga (kvartiraga), agar qarzdor va (yoki) uning oila aʼzolari unda doimiy ravishda yashayotgan boʻlsa qaratilmaydi, ijro hujjatida undiruvni mazkur uyga (kvartiraga) qaratish nazarda tutilgan yoxud ushbu mol-mulk majburiyat boʻyicha garov narsasi boʻlgan hollar bundan mustasno. Undiruv boshqa uylarga (kvartiralarga), ularda qarzdor va (yoki) uning oila aʼzolari yoxud oʻzga shaxslar doimiy ravishda yashab turgan-turmaganligidan qatʼi nazar, qaratilishi mumkin. Undiruvchi yoki davlat ijrochisining arizasiga koʻra, undiruv sud tomonidan qarzdorning yagona uyiga (kvartirasiga) yoxud uy hududidagi alohida turgan binoga yoki uyning muayyan qismiga, agar sud uyni (kvartirani), shu jumladan unga tutash hududni qismlarga boʻlish mumkin, qarzdor tasarrufida qolgan qismi esa qarzdor va uning oila aʼzolari normal turmush kechirishi uchun yetarli deb topgan taqdirda, qaratilishi mumkin. Roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan, qarzdor va uning oila aʼzolari normal turmush kechirishi uchun zarur boʻlgan uy anjomlari va jihozlari, kiyimlar hamda boshqa buyumlarga ijro hujjatlari boʻyicha undiruv qaratilishi mumkin emas. Investor bilan davlat mulkini boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organi oʻrtasida tuzilgan investitsiya shartnomasiga muvofiq investitsiya majburiyatlari sifatida kiritilayotgan mablagʻlar va boshqa mol-mulk investitsiya davri mobaynida qarzdorning ilgari yuzaga kelgan qarzini uzish hisobiga majburiy tartibda undirib olinmaydi.