Hujjatli qimmatli qogʻozlar ularning turgan joyi boʻyicha xatlanadi. Hujjatsiz qimmatli qogʻozlar ushbu qogʻozlar egasining huquqlari roʻyxatga olingan joy boʻyicha xatlanadi. Qimmatli qogʻozlar xatlanganda davlat ijrochisi qaror chiqaradi. Hujjatli qimmatli qogʻozlar xatlanganligi toʻgʻrisida davlat ijrochisi xatlangan qimmatli qogʻozlarning xatlov dalolatnomasini ham tuzadi. Davlat ijrochisining qimmatli qogʻozlar xatlanganligi toʻgʻrisidagi qarorida yoki dalolatnomasida xatlangan qimmatli qogʻozlarning umumiy soni, ularning turi va qimmatli qogʻozlar emitentlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, qimmatli qogʻozlar chiqarilgan sana (aksiyalar bundan mustasno), ularni identifikatsiya qilish, shuningdek qimmatli qogʻozlarning qarzdorga tegishliligini aniqlash imkonini beruvchi boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi. Qarzdorga tegishli boʻlgan qimmatli qogʻozlarning xatlanishi qarzdorga ularni tasarruf etish, shuningdek bunday qimmatli qogʻozlar oʻtkazmalarini amalga oshirish taqiqlanganligini anglatadi. Oʻzga turdagi cheklovlarni belgilashda, shu jumladan qarzdorning qimmatli qogʻozlarda mustahkamlab qoʻyilgan daromad olish huquqi va boshqa huquqlarini cheklashda davlat ijrochisi belgilangan cheklovlarni qimmatli qogʻozlarni xatlash toʻgʻrisidagi qarorda sanab oʻtishi shart.