Quyidagilar ijro hujjatlari hisoblanadi: 1) sudlar oʻzlari qabul qiladigan sud hujjatlari asosida beradigan ijro varaqalari; 1¹ ) Toshkent xalqaro tijorat sudining qarorlari asosida mazkur sud kotibi tomonidan beriladigan ijro varaqalari; 2) hakamlik sudining qarorlarini majburiy ijro etish yuzasidan sudlar beradigan ijro varaqalari; 2¹ ) mediativ kelishuvni majburiy ijro etish yuzasidan sudlar beradigan ijro varaqalari; 3) chet el sudlari va arbitrajlari qarorlari asosida Oʻzbekiston Respublikasi sudlari beradigan ijro varaqalari; 4) sud buyruqlari; 5) alimentlar toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tarzda tasdiqlangan kelishuvlar; 6) notariuslarning ijro xatlari; 7) mehnat nizolari komissiyalari oʻz qarorlari asosida beradigan guvohnomalar; 8) maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatiga ega organlar (mansabdor shaxslar) chiqargan qarorlar; 9) oʻzboshimchalik bilan turar joyni egallab olgan yoki avariya holatida deb topilgan uylarda yashayotgan shaxslarni maʼmuriy tartibda koʻchirish toʻgʻrisidagi prokurorlarning qarorlari; 10) davlat ijrochilarining qarorlari; 11) qonunda nazarda tutilgan hollarda boshqa organlarning hujjatlari. Ijro varaqasi, sud buyrugʻi sudyaning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat tarzida axborot tizimi orqali taqdim etilishi mumkin. Toshkent xalqaro tijorat sudining xorijiy tildagi qarorlari asosidagi ijro varaqasi mazkur sud kotibi tomonidan qarorni davlat tiliga tarjima qilgan holda beriladi va uning imzosi bilan tasdiqlanadi. Bunda ijro varaqasi Toshkent xalqaro tijorat sudi kotibining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan holda, elektron hujjat tarzida axborot tizimi orqali taqdim etilishi mumkin. Ijro hujjatining asl nusxasi yoʻqolgan taqdirda, qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda beriladigan uning dublikati undiruv uchun asos boʻladi.