Qarzdorni koʻchirish toʻgʻrisidagi ijro hujjati davlat ijrochisi belgilagan muddatda ijro etilmagan taqdirda koʻchirish davlat ijrochisi tomonidan majburiy tartibda amalga oshiriladi. Davlat ijrochisi majburiy koʻchirish kuni va vaqti toʻgʻrisida qarzdorga rasman maʼlum qiladi. Koʻchirish kuni toʻgʻrisida xabardor qilingan qarzdorning hozir boʻlmasligi ijro hujjatini ijro etish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Koʻchirish ijro hujjatida koʻrsatilgan xonani koʻchiriluvchidan, uning mol-mulkidan, uy hayvonlaridan boʻshatishdan va koʻchiriluvchining boʻshatilgan xonadan foydalanishini man qilishdan iborat boʻladi. Koʻchirish xolislar ishtirokida, zarur hollarda — ichki ishlar organlari xodimlarining koʻmagida, davlat ijrochisi tomonidan mol-mulkni albatta xatlagan holda amalga oshiriladi. Davlat ijrochisi zarur hollarda qilinadigan xarajatlarni qarzdorning zimmasiga yuklagan holda uning mol-mulki saqlanishini taʼminlaydi. Agar qarzdor uydan koʻchirilgan kundan eʼtiboran olti oy ichida mazkur mol-mulkni olib ketmasa, davlat ijrochisi qarzdorni yozma shaklda ogohlantirganidan soʻng mazkur mol-mulkni ushbu Qonunda belgilangan tartibda realizatsiya qilishga topshiradi. Qarzdorning mol-mulkini realizatsiya qilishdan tushgan va ijro yigʻimi, davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga solingan jarimalar va ijro xarajatlarining oʻrni qoplanganidan keyin ortib qolgan pul mablagʻlari qarzdorga qaytariladi. Qarzdor tomonidan talab qilib olinmagan pul mablagʻlari Majburiy ijro byurosi organining depozit hisobvaragʻida uch yil mobaynida saqlanadi. Mazkur pul mablagʻlari ushbu muddat oʻtganidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga oʻtkaziladi. Koʻchirish toʻgʻrisidagi ijro hujjatini ijro etish davlat ijrochisi tomonidan koʻchirish toʻgʻrisida dalolatnoma tuzish orqali rasmiylashtiriladi.