Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudi qonun bilan oʻzining vakolatlariga kiritilgan fuqarolik ishlarini va maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqadi. Jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudi jinoyat ishlarini va maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni, shuningdek qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi yoxud qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish haqidagi, Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisidagi, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish haqidagi, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish toʻgʻrisidagi yoxud ayblanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish haqidagi, murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash haqidagi, tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi, mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi, amnistiya aktiga asosan mahkumni jazodan ozod qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni va qonun bilan oʻzining vakolatlari doirasiga kiritilgan boshqa ishlarni koʻrib chiqadi. Tumanlararo iqtisodiy sud xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasidagi fuqarolik-huquqiy munosabatlarda yuzaga keladigan nizolarni va korporativ nizolarni, shuningdek qonun bilan oʻzining vakolatlari doirasiga kiritilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqadi.