Sudlar toʻgʻrisida 59-modda. Xalq maslahatchilari

Oʻttiz besh yoshdan kichik boʻlmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yigʻilishida ochiq ovoz berish yoʻli bilan ikki yarim yil muddatga saylangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi xalq maslahatchisi boʻlishi mumkin. Haqiqiy harbiy xizmatni oʻtayotgan, saylov kunida oʻttiz besh yoshga toʻlgan, harbiy qismlar harbiy xizmatchilarining yigʻilishlarida ochiq ovoz berish yoʻli bilan ikki yarim yil muddatga saylangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi harbiy sudning xalq maslahatchisi boʻlishi mumkin. Har bir sud uchun xalq maslahatchilari soni sudyalarning tegishli malaka hayʼatlari tomonidan belgilanadi. Xalq maslahatchilari odil sudlovni amalga oshirishda sudyaning huquqlaridan foydalanadi. Xalq maslahatchilari sudlardagi oʻz vazifalarini bajarishga bir yilda koʻpi bilan ikki haftaga navbatma-navbat chaqiriladi, bundan ularning ishtirokida boshlangan sud ishini koʻrishni tugallash zarurati bu muddatni uzaytirishni taqozo etgan hollar mustasno. Shu davrda ularning ish joyidagi oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi.