Sudlar toʻgʻrisida 60-modda. Sudyaning qasamyodi

Ilk bor sudyalik lavozimiga saylangan yoki tayinlangan shaxs quyidagi mazmunda qasamyod qiladi: Zimmamga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga boʻysungan holda amalga oshirishga, sudyalik burchim va vijdonim buyurganidek begʻaraz, xolis va adolatli boʻlishga tantanali qasamyod qilaman. Sudya Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi oldida, Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat bayrogʻi oldida ham tantanali vaziyatda qasamyod qiladi. Sudyalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi majlisida qasamyod qiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlarining sudyalari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi rayosati majlisida qasamyod qiladi. Ilk bor lavozimga saylangan yoki tayinlangan sudya oʻz vakolatlarini amalga oshirishga qasamyod qilganidan keyin kirishadi.