Adjaster quyidagi huquqlarga ega: adjaster xizmatlari koʻrsatiladigan sugʻurtalovchini, sugʻurta qildiruvchini va boshqa buyurtmachilarni erkin tanlash; sugʻurta voqeasini (sugʻurta hodisasini) oʻrganish uchun sugʻurtalovchidan, sugʻurta qildiruvchidan va boshqa buyurtmachilardan zarur axborotni soʻrash hamda olish; sugʻurta hodisasi yuz berganidan keyin sugʻurta obyektini koʻzdan kechirish va tekshirish; oʻzi sugʻurta obyektini sirtdan (zarur boʻlganda — texnika vositalarini qoʻllagan holda) koʻzdan kechirganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomani rasmiylashtirish; sugʻurta hodisasi roʻy berishining sabablari va holatlarini, shuningdek sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) miqdorini aniqlash uchun zarur boʻlgan tegishli axborotni va hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlardan, sudlardan, tibbiyot, seysmologiya, veterinariya, gidrometeorologiya tashkilotlaridan hamda boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish. Adjaster qonunchilikka va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Adjaster: sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi; sugʻurta hujjatlarining but saqlanishini taʼminlashi; mijozning tijorat sirini yoki boshqa sirini tashkil etadigan maʼlumotlarning maxfiyligini saqlashi; sugʻurta hodisasiga taalluqli maʼlumotlarni oʻz vaqtida tahlil qilish uchun choralar koʻrishi; qonunchilikda belgilangan axborotni vakolatli davlat organining talabiga koʻra taqdim etishi shart. Adjasterning zimmasida qonunchilikka va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.