Aktuar tashkilot quyidagi huquqlarga ega: aktuar xizmatlari koʻrsatiladigan sugʻurtalovchini va boshqa buyurtmachilarni erkin tanlash; aktuar xulosasini tuzish uchun zarur boʻlgan axborot sugʻurtalovchi va boshqa buyurtmachilar tomonidan taqdim etilmagan taqdirda, aktuar xizmatlari koʻrsatishni rad etish; boshqa aktuar tashkilotlarni va oʻzga mutaxassislarni aktuar xizmatlari koʻrsatishda ishtirok etishga belgilangan tartibda jalb qilish. Aktuar tashkilot qonunchilikka va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Aktuar tashkilot: sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi; aktuar xizmatlari koʻrsatish chogʻida olingan axborotning maxfiyligiga rioya etishi; aktuar xulosasida aktuar hisob-kitoblarning kamchiliklari faktlarini va ularni bartaraf etishga doir takliflarni aks ettirishi; qonunchilikda belgilangan axborotni vakolatli davlat organining talabiga koʻra taqdim etishi shart. Aktuar tashkilotning zimmasida qonunchilikka va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.