Assistans quyidagi huquqlarga ega: assistans xizmatlari koʻrsatilishi boʻyicha sugʻurtalovchilar bilan mustaqil ravishda shartnoma tuzish; assistans xizmatlari koʻrsatilishi uchun zarur boʻlgan barcha axborot sugʻurtalovchi tomonidan taqdim etilmagan taqdirda, assistans xizmatlari koʻrsatishni rad etish; tegishli mutaxassislarni assistans xizmatlari koʻrsatishda ishtirok etishga belgilangan tartibda jalb qilish. Assistans qonunchilikka va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Assistans: sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi; sugʻurta qildiruvchilardan (sugʻurtalangan shaxslardan) sugʻurta voqealari (sugʻurta hodisalari) toʻgʻrisidagi xabarlar kecha-kunduz qabul qilinishini tashkil etishi va sugʻurta qildiruvchilarga (sugʻurtalangan shaxslarga) sugʻurta shartnomasi doirasida, taqdim etilgan sugʻurta polisi asosida zarur yordam koʻrsatishi; sugʻurta hodisalarini koʻrib chiqish va tartibga solish choralarini koʻrishi; qonunchilikda belgilangan axborotni vakolatli davlat organining talabiga koʻra taqdim etishi shart. Assistansning zimmasida qonunchilikka va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.