Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida 36-modda. Sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) va sugʻurta brokerining rahbariga va bosh buxgalteriga qoʻyiladigan malaka talablari

Sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) va sugʻurta brokerining rahbari quyidagi malaka talablariga muvofiq boʻlishi kerak: oliy maʼlumotga ega boʻlish; iqtisodiy, moliyaviy, yuridik ixtisoslikka ega boʻlgan mutaxassislar uchun sugʻurta sohasida kamida uch yillik ish stajining (sugʻurta agenti sifatidagi, shuningdek yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodim lavozimlaridagi ish stajini hisobga olmagan holda) mavjudligi; boshqa ixtisoslikka ega boʻlgan mutaxassislar uchun sugʻurta sohasida kamida yetti yillik ish stajining (sugʻurta agenti sifatidagi, shuningdek yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodim lavozimlaridagi ish stajini hisobga olmagan holda) mavjudligi; sugʻurtaga oid qonunchilik hujjatlari boʻyicha yetarlicha bilimga va ijobiy ishchanlik obroʻsiga ega boʻlishi. Sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) va sugʻurta brokerining bosh buxgalteri “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan talablarga hamda buxgalteriya va sugʻurtaga oid qonunchilik hujjatlari boʻyicha yetarlicha bilimga va ijobiy ishchanlik obroʻsiga ega boʻlishga doir talablarga muvofiq boʻlishi kerak.