Vakolatli davlat organi sugʻurta (qayta sugʻurta) tashkilotiga, sugʻurta brokeriga, ilgari ularga nazorat tarzida javob qaytarish chora-tadbirlari qoʻllanilganidan qatʼi nazar, quyidagi choralar va sanksiyalarni qoʻllashga haqli: aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish, shu jumladan sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilari huquqlarining buzilishiga olib keluvchi sabablarni bartaraf etish toʻgʻrisida ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berishga; sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi uchun jarimalar qoʻllashga; litsenziyaning amal qilishini oʻn kungacha muddatga toʻxtatib turishga; agar litsenziat litsenziya berishga doir qaror qabul qilinganligi haqida bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan eʼtiboran oʻttiz kun ichida vakolatli davlat organiga litsenziya berganlik uchun davlat bojini toʻlamagan boʻlsa, litsenziya berishga doir qarorni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga; sugʻurta portfelini boshqa sugʻurta tashkilotlariga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish tarzidagi sanksiyani qoʻllashning maqsadga muvofiqligini aniqlashda quyidagilar hisobga olinadi: tavakkalchilikning darajasi, qoidabuzarliklar va (yoki) kamchiliklarning xususiyati hamda ularning oqibatlari; yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklar va (yoki) kamchiliklarning koʻlami hamda ahamiyati va ularning oqibatlari; qoidabuzarliklar va (yoki) kamchiliklarning muntazamligi (ikki va undan koʻp marta) hamda davomiyligi; yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklar va (yoki) kamchiliklarning moliyaviy holatga taʼsiri; aniqlangan qoidabuzarliklar va (yoki) kamchiliklarning yuzaga kelishi bilan bogʻliq boʻlgan sabablar; sugʻurta (qayta sugʻurta) tashkiloti va sugʻurta brokeri tomonidan faoliyatda aniqlangan kamchiliklarni, tavakkalchiliklarni yoki qoidabuzarliklarni bartaraf etishga qaratilgan mustaqil choralar koʻrish.