Sugʻurta quyidagi sohalarga boʻlinadi: hayotni sugʻurta qilish (jismoniy shaxslarning hayoti, sogʻligʻi, mehnat qobiliyati va pul taʼminoti bilan bogʻliq manfaatlarini sugʻurta qilish, bunda shartnoma boʻyicha sugʻurtaning eng kam muddati bir yilni tashkil etadi hamda sugʻurta summalarining sugʻurta shartnomasida koʻrsatib oʻtilgan oshirilgan foizni oʻz ichiga oluvchi bir martalik yoki davriy toʻlovlarini (annuitetlarni) qamrab oladi); umumiy sugʻurta (shaxsiy, mulkiy sugʻurta, javobgarlikni sugʻurta qilish hamda hayotni sugʻurta qilish sohasiga taalluqli boʻlmagan boshqa sugʻurta turlari). Sugʻurta tavakkalchiliklarining yoki ular guruhlarining va ular bilan bogʻliq majburiyatlarning umumiy xususiyatlariga muvofiq sugʻurta sohalari sugʻurta turlariga (klasslariga) boʻlinadi. Sugʻurta turlari (klasslari) qonunchilikda belgilanadi.