Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari oʻz hududida mintaqaning (hududning) ekologiya dasturini tasdiqlaydi va uning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tabiatni muhofaza qilish sohasida: oʻz hududida tabiatni muhofaza qilishning asosiy yoʻnalishlarini oʻz ichiga olgan mintaqaning (hududning) ekologiya dasturini ishlab chiqadi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organiga tasdiqlash uchun kiritadi hamda uning amalga oshirilishini taʼminlaydi; tabiiy resurslarni hisobga oladi va ularning holatiga baho beradi, ekologiya jihatidan zararli boʻlgan obyektlarni roʻyxatga oladi; tabiatni muhofaza qilishga doir tadbirlarni moddiy-texnika jihatidan taʼminlaydi; tabiiy resurslardan foydalanganlik uchun toʻlovlar undirish tadbirlarini amalga oshirishda koʻmaklashadi; tabiatning muhofaza qilinishi ustidan nazorat oʻrnatish, atrof-muhitga zarar yetkazayotgan mahalliy ahamiyatga molik davlat obyektlari faoliyatini vaqtincha yoki butunlay toʻxtatish va qayta ixtisoslashtirish toʻgʻrisida ekologik nazorat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq maxsus vakolatli davlat organlariga takliflar kiritadi. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa masalalarni tartibga solish mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatiga kiradi. Atrof-muhitga zarar yetkazayotgan tadbirkorlik subyektlari hisoblangan mahalliy ahamiyatga molik obyektlarning faoliyatini toʻxtatib qoʻyish (favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻiga atrof tabiiy muhitning normativdan ortiq darajada ifloslanishi bilan bogʻliq xavf yuzaga kelishining oldini olish maqsadida faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib qoʻyish hollari bundan mustasno) yoki tugatish va qayta ixtisoslashtirish sud tartibida amalga oshiriladi.