Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi: ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasida davlat boshqaruvini; chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini; yer, yer osti boyliklarini, suv, oʻrmon, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni, hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish, atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratini; ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga doir ishlarni muvofiqlashtirishni, tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash boʻyicha yagona siyosatni ishlab chiqish hamda roʻyobga chiqarishda idoralararo hamkorlikni taʼminlashni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobdordir. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari mulk shaklidan va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar hamda fuqarolar tomonidan ijro etilishi uchun majburiydir.
III. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI AHOLISINING TABIATNI MUHOFAZA QILISH SOHASIDAGI HUQUQ VA MAJBURIYATLARI