Davlat atrof tabiiy muhit holatini kuzatib borish xizmati tabiiy muhitda sodir boʻlayotgan fizik, kimyoviy, biologik jarayonlarni, atmosfera havosi, tuproq, yer usti va yer osti suvlarining ifloslanish darajasini, ifloslanishning oʻsimlik va hayvonot dunyosiga taʼsiri oqibatlarini kuzatib borish, manfaatdor tashkilotlar va aholini atrof tabiiy muhitda boʻlayotgan oʻzgarishlar haqida joriy va shoshilinch axborotlar hamda bu muhit holatiga doir taxminlar bilan taʼminlash maqsadida tashkil etiladi. Atrof tabiiy muhit holati toʻgʻrisidagi axborot ochiq-oshkora yoʻsinda boʻlib, uning asosiy koʻrsatkichlari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari tomonidan eʼlon qilish uchun muntazam berib boriladi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari falokatlar va boshqa hodisalar natijasida atrof tabiiy muhit normativda belgilanganidan ham ortiqroq darajada ifloslangan taqdirda bunday falokat va hodisalar toʻgʻrisida jamoatchilikni darhol xabardor etishlari shart. Tabiiy resurslarning miqdor, sifat va boshqa xil koʻrsatkichlarini, ulardan foydalanishning hajmi, tartib tamoyilini hisobga olib borish uchun davlat tabiiy resurslar kadastrlari yuritiladi. Atrof tabiiy muhit holatiga zararli taʼsir qiladigan yoki nomaqbul tarzda taʼsir etishi mumkin boʻlgan obyektlar, atrof tabiiy muhitga tushadigan zararli moddalarning turlari va miqdori, chiqindilarning hajmlari va tarkibi ham nazorat etib boriladi va davlat hisobiga olinadi. Davlat atrof tabiiy muhit holatini nazorat etish xizmatining tarkibi, uni tashkil etish va faoliyat koʻrsatishi tartibi, davlat tabiiy resurslar kadastrlarini, atrof muhitga zararli taʼsir etuvchi obyektlarning davlat hisobini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab beriladi.