Tabiatdan maxsus ravishda foydalanishni oqilona amalga oshirmaganlik, atrof tabiiy muhitga ifloslantiruvchi moddalar chiqarish va oqizishni, chiqindilarni joylashtirishni normativ va limitlarda belgilanganidan koʻpaytirib yuborganlik uchun korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ayrim shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq oshirilgan soliq solinishi kerak. Tegishli hollarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlarining qaroriga muvofiq aytib oʻtilgan qoidabuzarliklarning sabablariga barham berilgunga qadar yuridik va jismoniy shaxslarning xoʻjalik faoliyatini pul bilan taʼminlash toʻxtatib qoʻyilishi mumkin. Koʻrsatilgan chora tadbirkorlik subyektlariga nisbatan sud tartibida qoʻllaniladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻiga atrof tabiiy muhitning normativdan ortiq darajada ifloslanishi bilan bogʻliq xavf yuzaga kelishining oldini olish maqsadida xoʻjalik faoliyatini moliyalashtirishni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib qoʻyish hollari mustasno.