Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini kreditlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Tadbirkorlik faoliyati subyektiga kredit berilayotganda bank muassasalari, boshqa kredit yoki sugʻurta tashkilotlari kafil boʻlishlari mumkin. Toʻlovga qobiliyatli yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kafil boʻlishlari mumkin. Tadbirkorlik faoliyati subyekti kredit shartnomalari boʻyicha majburiyatlarni taʼminlash tariqasida oʻz mol-mulkidan, shu jumladan ashyolari va mulkiy huquqlaridan, shuningdek oʻzi olgan kreditni toʻlay olmaslik xavfi sugʻurtasi toʻgʻrisidagi sugʻurta polisidan foydalanishi mumkin. Tadbirkorlik subyektlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda imtiyozli kreditlanish huquqiga ega. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini sugʻurta qilish sugʻurta tashkilotlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.