Yakka tartibdagi tadbirkor oʻz nomidan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanadi, huquqlar va majburiyatlarga ega boʻladi hamda ularni amalga oshiradi. Jismoniy shaxs oʻzining tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq bitimlarni tuzayotganida, agar buning mohiyati tuzilayotgan bitimning mazmunidan aniq kelib chiqmasa, yakka tartibdagi tadbirkor tariqasida harakat qilayotganligini koʻrsatishi lozim. Bunday eslatmaning boʻlmasligi yakka tartibdagi tadbirkorni oʻz majburiyatlari yuzasidan zimmasidagi javobgarlikdan ozod etmaydi. Yakka tartibdagi tadbirkor oʻz faoliyatini amalga oshirayotganda shaxsiy ish hujjatlari blankalaridan, muhr, shtamplardan foydalanishga haqli, ularning matnlari mazkur shaxs yakka tartibdagi tadbirkor ekanligidan dalolat berishi lozim.