Tijorat siri boʻlgan, uchinchi shaxslarga maʼlum boʻlmagan axborot (oshkor etilmagan axborot) uchinchi shaxslarga maʼlum emasligi, qonuniy asosda undan erkin foydalana olish mumkin emasligi hamda axborotning egasi uning maxfiyligini muhofaza qilish choralarini koʻrayotganligi tufayli haqiqiy yoki potensial tijorat qiymatiga ega boʻlgan hollarda himoya qilinadi. Oshkor etilmagan axborotni noqonuniy foydalanishdan himoya qilish huquqi bu axborotga nisbatan biron-bir rasmiyatchilikni bajarishdan (uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, guvohnoma olish va hokazodan) qatʼi nazar vujudga keladi. Oshkor etilmagan axborotni himoya qilish qoidalari qonunga muvofiq xizmat yoki tijorat siri boʻla olmaydigan maʼlumotlarga (davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak boʻlgan yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi, mol-mulkka boʻlgan huquqlar hamda mol-mulk xususida tuzilgan bitimlar haqidagi maʼlumotlarga, davlat statistika hisoboti tariqasida taqdim etilishi kerak boʻlgan maʼlumotlarga va boshqa maʼlumotlarga) nisbatan tatbiq etilmaydi. Oshkor etilmagan axborotni qonuniy asoslarsiz olgan yoki tarqalgan yoxud undan foydalanayotgan shaxs axborotdan noqonuniy foydalanganlik oqibatida bu axborotning qonuniy egasiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashi shart. Oshkor etilmagan axborot mazmunini tashkil etuvchi maʼlumotlarni mustaqil ravishda va qonuniy tarzda olgan shaxs bu maʼlumotlardan, tegishli oshkor etilmagan axborot egasining huquqlaridan qatʼi nazar, foydalanishga haqli va bunday foydalanganlik uchun uning oldida javob bermaydi.