Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida 7-modda. Jismoniy shaxslarning yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi birgalikdagi tadbirkorlik faoliyati

Jismoniy shaxslar yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi birgalikdagi tadbirkorlik faoliyatini quyidagi: er-xotinning umumiy mol-mulki negizida ular tomonidan amalga oshiriladigan oilaviy tadbirkorlik; oddiy shirkat; yuridik shaxs tashkil etmagan holda dehqon xoʻjaligi shakllarida amalga oshirishlari mumkin. Er-xotinga umumiy birgalikdagi mulk huquqida tegishli boʻlgan mol-mulk negizida oilaviy tadbirkorlik amalga oshirilayotganida, ish muomalalarida er-xotin nomidan erning yoki xotinning roziligi bilan ulardan biri ishtirok etadi, bu rozilik yakka tartibdagi tadbirkor roʻyxatdan oʻtkazilayotganda tasdiqlanishi lozim. Tadbirkorlik faoliyati obyekti sifatida uy-joydan foydalanish bilan bogʻliq oilaviy tadbirkorlik amalga oshirilayotganida, uy-joy mulkdorlaridan birining ish muomalalariga kirishishi oilaning voyaga yetgan boshqa aʼzolarining notarial tasdiqlangan roziligi boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi. Jismoniy shaxslar faqat yakka tartibdagi tadbirkorlar tariqasida davlat roʻyxatidan oʻtganlaridan keyin ular birgalikdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tuziladigan oddiy shirkat shartnomasi taraflari boʻlishlari mumkin. Dehqon xoʻjaligi va oddiy shirkatni tuzish, ularning faoliyat yuritishi va faoliyatini tugatish bilan bogʻliq munosabatlar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.